- Matbuot markazi
- 2026-yil 1-iyuldan O'zbekistonda vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik bo'yicha nafaqa to'lashning yangi tartibi joriy etiladi
2026-yil 1-iyuldan Oʻzbekiston Respublikasida vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik boʻyicha nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi oʻzgaradi. Jarayon aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish va davlat xizmatlarini raqamlashtirish islohotlari doirasida bosqichma-bosqich raqamli formatga oʻtkaziladi.
Yangi tartib fuqarolar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish, ish beruvchilarga moliyaviy yukni kamaytirish, shuningdek, nafaqalarni operativ va shaffof toʻlashni taʼminlashga qaratilgan.
Nafaqa toʻlash tartibi
Agar xodim vaqtincha mehnatga layoqatsiz deb topilsa, toʻlov quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
• birinchi 5 kalendar kun uchun nafaqa ish beruvchi tomonidan toʻlanadi;
• 6-kundan boshlab toʻlov Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Ushbu tartib xodimlarning uzoq muddatli mehnatga layoqatsizligi holatlarida ish beruvchilarga moliyaviy yukni kamaytirish imkonini beradi.
Xizmat koʻrsatishning proaktiv tartibi
Yangi tartibga muvofiq, fuqaro qoʻshimcha ariza yoki hujjatlar taqdim etishi shart emas. Jarayon quyidagicha amalga oshiriladi:
1. shifokor elektron vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik varaqasini rasmiylashtiradi;
2. tizim xodimning ish joyi va daromadlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni avtomatik tekshiradi;
3. nafaqa miqdori avtomatik hisoblanadi;
4. pul mablagʻlari fuqaroning bank kartasi yoki bank hisobvarigʻiga oʻtkaziladi.
Shunday qilib, nafaqani rasmiylashtirish uchun davlat organlariga murojaat qilish yoki qoʻshimcha hujjatlar taqdim etish talab etilmaydi.
Asosiy qoida
Agar vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik varaqasi 2026-yil 1-iyuldan keyin rasmiylashtirilgan boʻlsa, birinchi 5 kun uchun nafaqani ish beruvchi toʻlaydi, 6-kundan boshlab esa toʻlov avtomatik ravishda Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi tomonidan amalga oshiriladi.